Turnirlarda ishtirok etish qoidalari
Turnirlarda ishtirok etish qoidalari va platforma haqida barcha savollarga javoblar
1. DevCup.uz qanday tizim?
DevCup.uz — bu Qoraqalpoq davlat universiteti rektori B.Jollıbekov va O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori O.Duysenbayevlarning qo‘llab-quvatlashi asosida universitet professor-o‘qituvchilari Kalbayev Allambergen va Qudaynazarov Muxammed tomonidan talabalar o‘rtasida semestr davomida dasturlash bo‘yicha haftalik turnir o‘tkazish uchun maxsus ishlab chiqarilgan platforma bo‘lib, unda ishtirokchilar har tur davomida algoritmlashga oid masalalarni yechish orqali o‘z mahoratlarini namoyish etadilar. Eng yaxshi natija ko‘rsatganlar talaba-yoshlar qimmat baholi sovg‘alar va maxsus vaucherlar bilan taqdirlanadi.
2. Turnirda kimlar qatnashishi mumkin?
Hozirgi vaqtda turnirlarga Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi bo‘lgan (ta’lim shakli, kursi va mutaxassisligiga qaramasdan) talabalar offline shaklda qatnashishi mumkin.
3. Qaysi dasturlash tillaridan foydalanish mumkin?
Tizimda mavjud bo‘lgan va yoki turnir tashkilotchisi tomonidan turnir uchun ruxsat etilgan dasturlash tillaridan ixtiyoriy bittasida yoki bir nechtasida foydalanish mumkin.
4. Tizimda kodni tekshirish statuslari qanday?
- Accepted: Kodingiz barcha testlardan muvaffaqiyatli o‘tdi.
- Wrong Answer: Kodingiz qaytargan natija kutilgan natijaga mos kelmadi.
- Time Limit Exceeded (TLE): Kodingiz belgilangan vaqt cheklovidan sekinroq ishladi.
- Memory Limit Exceeded (MLE): Kodingiz ruxsat etilgan xotira miqdoridan ko‘p foydalandi.
5. Turnirda nimalar taqiqlanadi?
- Turnir vaqtida ishtirokchilar o‘zaro kod va g‘oyalar almashishi taqiqlanadi.
- Tizimga zarar yetkazuvchi yoki shunga o‘xshash zararli kodlar yuborish taqiqlanadi.
- Tizimda fayl ochish orqali yoki shunga o‘xshash cheating yo‘llar orqali masalani yechishga har qanday harakat qat’iyan taqiqlanadi.
- Bir nechta profildan foydalanish taqiqlanadi, aniqlangan holatda barcha profillar bloklanadi.
- Turnirda AI (ChatGPT, Copilot, Claude, Gemmi va boshqalar) botlardan foydalanish orqali qatnashish taqiqlanadi. Istisno holatlar mavjud emas va ma’lum tilda yozilgan kodni AI yordamida boshqasiga o‘tkazish ham mumkin emas.
6. Reyting qanday hisoblanadi?
Reyting ikki asosiy ko‘rsatkichga tayanadi:
- Ball (Score): Har bir to‘g‘ri yechilgan masala uchun beriladigan ballar yig‘indisi.
- Jarima (Penalty): Masala yechishga sarflangan vaqt va xato urinishlar uchun beriladigan jarima ballari. Jarima qancha kam bo‘lsa, o‘rningiz shuncha yuqori bo‘ladi. Har bir muvaffaqiyatsiz urinish uchun 10 (o‘n) daqiqalik jarima bali beriladi.